Gumbaz — suyri fazoviy hajmdagi tom. Tarhi aylana, chorsi, toʻgʻri toʻrtburchaqli, muntazam koʻpburchaqli boʻladi. Shuningdek, koʻpburchaqli xona va katta inshootlar devorlari ustida, baʼzan ustunlarni birlashtirgan doirasimon qurilma poygumbaz ustida davra koʻrinishida xom gʻisht, pishiq gʻisht, tosh, beton va boshqa materiallardan sirti silliq, qirrali, qovurgʻali piltavor koʻrinishida boʻlishi mumkin.
Tarixan gumbaz paydo boʻlishi (genezisi), taraqqiyot yoʻllari, zarurati 3 sabab bilan izohlanadi: tabiiy sharoit, hayot taqozosi; mavjud qurilish materiallari imkoniyati (ayniqsa yogʻoch tanqis joylarda meʼmorlar koʻproq gumbaz tomlarni bogʻlagan); shaklu shamoyili yuksak badiiy samara bagʻishlagani, meʼmoriy obrazi muhtasham mahobat kasb etgani.
Gumbazning ilk namunalari ibtidoiy odamlar boshpanalari — tabiiy gʻorlarda, keyinchalik yertoʻlalarda, yogʻoch va xaschoʻplardan, qamish, hayvon terisi, kigiz yopilgan oʻtov kabi kulbalarda mujassam topib, ijtimoiy taraqqiyot mobaynida shakli murakkablasha borgan. Dunyo xalqlari meʼmorligida gumbazning oddiy pogʻonali, davra, suyri, bagʻallarga (parus, tromplarga) ishlangan va boshqa turlari uchraydi. Gumbaz binoga tashqi va ichki tomondan mahobat bagʻishlaydi.
Yunoniston va Rim meʼmorligida chorsi, davra xonalar ustini berkitish uchun yarim sferik (yarim shar) shaqlidagi gumbaz turlari katta jamoat va diniy binolarda keng ishlatilgan. Rimdagi Panteonning (125-yil) katta davra binosi rotondasi ustiga oʻrnatilgan yarim sferik gumbaz eng qadimiy gumbaz hisoblanadi. Gumbazni bildiruvchi italyan atamasi "kupola" (cupola — bochka) jahon meʼmorligi lugʻatiga kirgan. Istanbuldagi mashhur Ayo Sofiya ibodatxonasining ulkan gumbazi ham eng qadimgi gumbazli binolar qatoriga kiradi.