Tinch okean, (Buyuk okean) – Dunyo okeanining bir qismi, kattaligi va chuqurligi jihatidan Yer sharida 1-oʻrinda turadi Tinch okeani gʻarbdan Yevrosiyo va Avstraliya, sharqdan Shimoliy va Janubiy Amerika, shimolidan Chukotka va Syuard yarim orollari oʻrtasidagi yoʻlak, janubidan Antarktida bilan chegaralangan. Maydoni dengizlari bilan birga – 178,6 mln. km², dengizlarsiz – 148,3 mln. km², suvining hajmi – 710 mln.km³. Oʻrtacha chuqurligi – 3980 m, eng chuqur joyi 11022 m (Mariana novi). Qirgʻoqlarining aksari qismi ford tipli va yemirilgan, gʻarbdagi tropik kengliklarda marjonli, baʼzi joylari toʻsiq rifli. Antarktidadagi qirgʻoklar, asosan, shelf muzliklari bilan qoplangan. Dengizlar, koʻproq, Tinch okeanining shimoli-gʻarbiy va gʻarbiy chekkalarida joylashgan. Yarim yopiq dengizlar: Bering, Oxota, Yapon, Sharqiy Xitoy, Sariq va Janubiy Xitoy, Ichki Yapon; orollararo dengizlar: Avstraliya, Osiyo, Oʻrta dengizlari deb umumiy nomlanadi; chekka dengizlar: Marjon va Tasman dengizlari, janubida Antarktida sohili yaqinidagi Amundsen, Bellinsgauzen va Ross dengizlari.
Tinch okeani orollarining koʻpligi (taxminan 10 ming) va umumiy maydoni (3,6 mln. km²) boʻyicha okeanlar oʻrtasida 1 oʻrinda. Materik orollari – Saxalin, Yapon, Tayvan, Malay arxipelagining yirik orollari, Yangi Zelandiya Tinch okeanining gʻarbiy chekkasida, sharqida orollarning katta qismi Shimoliy va Janubiy Amerika qirgʻoqlari yaqinida joylashgan. Aleut, Kuril, Ryukyu, Gavayi, Samoa, Markiz, Tabuan, Galapagos va boshqa vulqon-orollar otilishi natijasida kelib chiqqan. Karolina, Marshall, Tuamotu, Gilbert – marjon orollar. Tinch okeanining markaziy va janubi-gʻarbiy qismidagi orollar Okeaniya deb nomlanadi.