Turkiston – Markaziy Osiyoning oʻrta asr tarixiy-geografik adabiyotlarda uchraydigan nomi. Manbalarda Turon va Turkiston atamalari oʻrnida qayd etilgan. 639-yil Turonda tuzilgan sugʻd hujjatida Oʻrta Osiyo mintaqasining nomi sifatida ishlatilgan. „Turkiston“ atamasi „Oʻrta Osiyo“ va „Movarounnahr“ nomlaridan farqli ravishda nafaqat geografik, balki etnogeografik tushunchani anglatib, shuningdek, siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham ega boʻlgan. Arablar istilosidan soʻng „Turkiston“ toponimi oʻzining siyosiy-huquqiy maʼnosini yoʻqotmagan. Uning siyosiy sarhadlari Shimol va Sharqqa, Arab xalifaligi, Qarluq va Uygʻur xoqonliklari bilan chegaradosh boʻlgan yerlargacha yoyilgan. Ayni mana shu davlatlar endilikda Turkiston nomi bilan arab tarixchi-geograflari asarlarida (VIII-X asrlar) qayd etilgan. Markaziy Osiyoning markaziy va janubiy viloyatlari (Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi) Movarounnahr deb atala boshlagan.