Qayta yoʻnaltirish:
Esse (fransuzcha essai- tajriba, sinab ko’rish)- muallifning u yoki bu masala bo’yicha shaxsiy mulohazalari bayon qilinuvchi nasriy asar; adabiy janr. Essening kompozitsion qurilishiga ham, tematik tomoniga ham cheklovlar qo’yilgan emas, u muallifga o’z fikr- mulohazalari, kechinmalarini tom ma’noda erkin ifodalash imkonini beradi. Tematik jihatdan tarixiy, biografik, adabiy- tanqidiy, ilmiy- ommabop va boshqa ko’rinishlarga ega bo’lgan Essega xos yana bir xususiyat shuki, u qo’yilgan masalaning tugal yechimini taqdim etish da’vosini qilmaydi, masala muallif hayotiy tajribasidan kelib chiqqan holda, uning ongiyu qalbidan o’tkazib yoritiladi. Shu bois Esse markazida muallif shaxsi turadi, bayon ko’zga yaqqol tashlanuvchi subyektiv bo’yoqdorlikka ega bo’ladi. Mutahasislar Essening mustaqil adabiy janr sifatida shakllanishi XVI asrga to’g’ri keladi deb hisoblaydilar va buni fransuz adibi M. Monten (1533- 1592) faoliyati bilan, janrning nomini esa uning 1580- yili chop etilgan “ Essays” (Tajribalar) asari bilan bog’laydilar. Ayni chog’da, Essega xos elementlar bunga qadar ham bo’lgani, jumladan, ularni antik davr adibi Lukian nutqlarida kuzatish mumkinligini ta’kidlaydilar. Essega xos xususiyatlar Sharq adabiyotida, xususan, o’zbek adabiyotida ham qadimdan mavjud (masalan; Navoiy. “ Mahbub ul- qulub”). Shuni ham qayd etish joizki, Esse tabiatiga xos erkinlik uning rivojiga nafaqat professional yozuvchilar, balki boshqa soha kishilari (olimlar, faylasuflar va b.)ning ham sezilarli hissa qo’shishiga imkon beradi. Essega xos xususiyatlar so’nggi davr adabiyotidagi boshqa janrlar strukturasiga ham sezilarli ta’sir etdi, ayrim yo’nalishlarning esa (masalan; postmodernizm) ustuvor belgilaridan biriga aylandi. Hozirgi o’zbek adabiyotida Sh. Xolmirzayev, O. Muxtor, X. Davron, X. Sultonov kabi ijodkorlar, shuningdek, M. Qo’shjonov, O. Sharofiddinov, U. Normatov kabi adabiyotshunoslarning Esse janridagi asarlari kitobxonlar orasida mashhurdir.