Los-Anjeles | |
---|---|
Shahar | |
34°02′0″N 118°16′0″W / 34.03333°N 118.26667°W | |
Mamlakat | AQSh |
Hukumat | |
• Mer | Karen Bass D |
Asos solingan | 4-senytabr, 1781-yil |
Maydon | 1,299.01 km2 (501.55 kv mi) |
Markazi balandligi | 93 m |
Aholisi | 3,898,747 |
Zichligi | 3,206.29 kishi/km2 |
|
Los-Anjeles (inglizcha: Los Angeles, ispancha: Los Ángeles, shuningdek, L.A. va City of Angels — Farishtalar shahri nomlari bilan mashhur) — AQSHning Kaliforniya shtatidagi eng yirik shahar. Shahar ichida yashovchi 3.9 milyon aholi hisobiga Los-Anjeles AQSHda Nyu York shahridan keyingi eng yirik shahar hisoblanadi. Shahar Janubiy Kaliforniya mintaqasining tijoriy, moliyaviy va madaniy markazidir. Los-Anjeles O'rtayer dengizi iqlimiga, etnik va madaniy jihatdan rang-barang aholiga ega va shaharni keng miqyosli metropoliya o'rab turadi.
Shaharning asosiy qismi Janubiy Kaliforniya basseynida joylashgan bo'lib, g'arbda Tinch okeaniga tomon, Santa Monika tog'lari orqali shimolda San Fernando vodiysigacha, sharqda esa San Gabriel vodiysigacha cho'zilgan. Hududi 1,210 km2 boʻlgan shahar[1] Los-Anjeles okrugi markazidir va ushbu okrug 9.86 milyon aholisi bilan AQSHdagi eng ko'p aholi istiqomat qiluvchi okrug hisoblanadi. 2019-yilda 4.6 milyon sayyohlar bilan shahar tashrif buyuruvchilar soni bo'yicha AQSHda uchinchi o'rinda turadi.
Los-Anjeles hududida avvaliga mahalliy Tongva qabilalari istiqomat qilgan bo'lib, keyinchalik 1542-yilda Xuan Rodriges Kabrilyo hududni Ispaniya mulki deb e'lon qilgan. 1781-yil 4-sentyabrida ispan gubernatori Felipe de Neve idorasi ostida Yaanga qishlog'i hududida shaharga asos solingan.[2] Meksika mustaqillik urushidan so'ng, 1821-yilda shashar Meksika imperiyasining bir qismiga aylandi. 1848-yilda, Meksika-Amerika urushi yakuniga yetishi bilan Los-Anjeles va Kaliforniyaning boshqa qismlari Guadelupe Hidalgo shartnomasiga ko'ra AQSH tomonidan xarid qilindi va Qo'shma Shtatlarning bir qismiga aylandi. Los-Anjeles 1850-yil 4-aprelda, Kaliforniyaga shtat maqomi berilishidan besh oy oldin munitsipal maqomni qo'lga kiritdi. 1980-yillarda hududda neft topilishi shaharning shiddat bilan o'sishiga sabab bo'ldi.[3] 1913-yilda shaharga Sharqiy Kaliforniyadan suv olib kelish uchun mo'ljallangan Los-Anjeles Akveduktining qurib bitkazilishi shaharning yanada shiddat bilan o'sishiga olib keldi.
Los-Anjeles iqtisodiyoti xilma-xil va ulardan eng mashhuri Gollivud kino sanoatidir. Shaharda shuningdek Amerika qit'asidagi eng tirband konteyner portlaridan biri joylashgan.[4][5][6] 2018-yilda Los-Anjeles metropoliten hududining yalpi ichki mahsuloti $1.0 trillionni tashkil qilib, shahar bu ko'rsatkich bo'yicha jahonda uchinchi o'rinni egalladi.[7] Los-Anjeles 1932- va 1984-yillarda Yozgi olimpiada oʻyinlariga mezbonlik qildi va 2028-yilgi O'yinlarga ham mezbonlik qiladi. So'nggi yillarda, Kaliforniya shtati miqyosidagi qurg'oqchiliklar shaharda ham, Los-Anjeles okrugida ham ichimlik suvi xavfsizligi bilan bog'liq xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.[8][9]