Manul

Manul

Diergaarde Blijdorp (Rotterdam hayvonot bogʻi)dagi manul
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Hayvonlar
Tip: Umurtqalilar
Sinf: Sut emizuvchilar
Turkum: Yirtqichlar
Oila: Mushuksimonlar
Xalqaro ilmiy nomi
Otocolobus manul (Pallas, 1776)
Areal

Manulning yashash hududlari

Manul, shu jumladan Pallas mushugi (lotincha: Otocolobus manul) — mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich sut emizuvchi hayvon. Tashqi koʻrinishi va oʻlchamlari jihatdan uy mushugiga oʻxshash, lekin kaltaroq hamda salmoqliroq tanasi va oyoqlari, uzun va qalin moʻynasi bilan ajralib turadi. Tanasining uzunligi 46 dan 65 smgacha, dumining uzunligi 21 dan 31 smgacha, massasi 2 dan 5 kggacha boʻladi. Manulning moʻynasi mushuksimonlar ichida eng qalin va mayini, rangi odatda, kulrang, notekis, tanasining baʼzi qismlarida esa sargʻish.

Manulning yashash hududi Gʻarbiy Eron va Armaniston, Oʻrta Osiyo va Rossiyaning bir qancha hududlaridan tortib to Zabaykalye, Moʻgʻuliston va Tibetga qadar choʻzilgan boʻlib keng qamrovli, lekin, asosan mayda-mayda hududlarni oʻz ichiga oladi. Umumiy soni taxminlarga koʻra 58 mingni tashkil qiladi va eng katta qismi Moʻgʻuliston hududida tarqalgan deb hisoblanadi.

Manul yogʻingarchilik kam, quruq, kontinental iqlimli hududlarda yashaydi. Bularga togʻlar, adirlar va yarimchoʻllar kiradi. Manul tez yugurishga moslashmagan lekin yaxshi yashirina oladi. Boshpanaga qiyalikdagi teshiklarni yoki boshqa hayvonlar uyalarini tanlaydi. Asosan kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Ozodlikda yilda bir marotaba bolalaydi, homildarlik 60—75 kun davom etadi. Mushukchalar bahorda dunyoga keladi va asosan 3—4 ta boʻladi. 4—5 oylik boʻlganida onasini tark etib mustaqil hayot kechira boshlaydi.

Birinchi marotaba bu tur 1776-yilda Peter Simon Pallas tomonidan qayd etilgan. Hozirgi kunda u Butunjahon qizil kitobiga eng kam tashvishlantiradigan tur sifatida kiritilgan, lekin avvalroq Xavf ostida qolgan tur statusiga ega boʻlgan. Bundan tahqari u bir qancha davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan. Ayrim hududlardagi populyatsiyalari Brakonerlik, kemiruvchilar bilan kurash tufayli ozuqa bazasidan ajralib qolishi, antropogen omillar sababli xavf ostida qolmoqda. Manul ehtiyotkorligi va sonining kamligi tufayli juda kam oʻrganilgan. U hayvonot bogʻlarida 1950-yillardan boshlab saqlanadi va 1960-yillardan boshlab koʻpaytiriladi. 2020-yil holatiga koʻra Yevropadagi hayvonot bogʻlarida bor-yoʻgʻi 100 ga yaqin manul saqlanadi.


Manul

Dodaje.pl - Ogłoszenia lokalne