Muhandis yoki injener, texnikaning muayyan bir sohasiga ixtisoslashgan mutaxassis hamda muhandislik sohalaridan biri boʻyicha oliy maʼlumotli kasb egasi. Ilgari Sharqda binokor, yer oʻlchovchi, bino va inshootlarni loyihalovchi, geometriya bilan shugʻullanuvchi kishilar „muhandis“ deb atalgan. Bagʻdod, Damashq, Buxoro, Xiva, Samarqand, Toshkent, Qoʻqon va boshqa shaharlarda hozirgacha saqlanib qolgan qadimiy bino va inshootlar qurilishida foydalanilgan murakkab geometrik shakllar, arklar, gumbazlar, qubbalar, jumladan sugʻorish va suv chiqarish inshootlari (koriz, sardoba), charxpalak (chigʻir) muhandislik qadimdan taraqqiy etganligini bildiradi. Xususan, Ashad al-Fargʻoniyning Nil daryosiga qurilgan suv miqdorini oʻlchash inshooti ham muhandislik namunasi hisoblanadi.
Yevropada, dastlab, harbiy mashinalarni boshqargan kishilar injener (Lotincha: ingenium — qobiliyat) deb nomlangan. Bu tushuncha 16-asrda Gollandiyada koʻprik va yoʻl quruvchilarga nisbatan ishlatilgan, soʻngra Angliya va boshqa Yevropa mamlakatlariga tarqalgan.