Salor | |
---|---|
Salor (Urtaovul qishlogʻida) | |
Tavsif | |
Uzunligi | 65 |
Suv sarfi | 20 m³/s |
Davlat | Oʻzbekiston |
Salor |
Salor – Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududidan oqib oʻtuvchi kanal.Boʻzsuv kanalining chap tarmogʻi. Qibray tumani hududida Boʻzsuv kanalidan suv oladi. Salorning bosh qismi Salor GESning quyi chiqarish oʻzanida joylashgan. Zangiota tumanining janubidan oʻtib, Yangiyoʻl tumanida tugaydi. Umumiy uzunligi 60 km. Kanalning kengligi 10– 15 m, chuqurligi 1–2 m. Bosh suv olish inshooti 20 m³/sek suv oʻtkazishga moʻljallangan. Kanaldan Dam va Polvon ariqlari suv oladi. Toshkent shahrining bir nechta sanoat korxonalari, jumladan, Toshkent issiqlik elektr markazining suv taʼminoati uchun foydalaniladi. Salot qadimda Boʻzsuvning chap sohilidan, hozirgi Salor GESning quyirogʻidan qazilgan. Salorga Boʻrjar, Qorasuv oqovalari ham kelib qoʻshilgan. Natijada kanalning suvi birmuncha koʻpayib, undan Qoraqulduq va Niyozboshi ariqlari ajralib chiqgan. Salor, Qoraqulduq va Niyozboshi boʻylarida mil. av. 1ming yillik oʻrtalari va mil. av. I asrlarda vujudga kelgan qadimgi dehqonchilik madaniyati yodgorliklari koʻp uchraydi. Bu davrda Salor va uning shoxobchalari boʻylarida turli istehkomlar (Qovunchitepa, Kuygantepa, Niyozboshtepa va boshqalar) paydo boʻlgan. IV -XIasrlarda Salor boʻyida Mingoʻrik, Toshkentning qadimiy markazi – Binkat, shuningdek, Danfi ganket, Shuturkent va boshqa shaharlar vujudga kelgan. XI XII asrlarda kanal birmuncha kengaytirilgan, suvi koʻpaygan, lekin XIII asrda moʻgʻullar hujumidan keyin qarovsiz qolgan. Keyinchalik kanal oʻzani yangidan qazilgan.
Soʻnggi yillarda kanal oʻzanining aksariyat qismi taʼmirlanib, ayrim qismlari qayta qurilmoqda. Kanalning Toshkent shahrida Pushkin koʻchasi bilan temir yoʻl bekati koʻprigigacha boʻlgan qismi toʻliq qayta taʼmirlandi, obodonlashtirildi va istirohat bogʻlari tashkil etildi. Kanalning suv oʻtkazish qobiliyatini oshirish (50 m³/s gacha yetkazish), oʻzanini betonlash ishlari olib borilmoqda. Salor suvi bilan Zangiota va Yangiyoʻl tumanlarida 3,5 ming ga yer sugʻoriladi[1].