Staraplanina (bolgar tilida — keksa togʻ), Bolqon togʻlari — Bolgariyadagi togʻ tizmasi. Gʻarbdan sharqqa 555 km ga choʻzilgan bir necha burmali togʻ tizmalaridan iborat. Eng baland joyi 2376 m (Botev togʻi). Togʻ choʻqqilari tekis, shim. yon bagʻirlari yotiq, jan. esa nisbatan tik. Slanets, granit, ohaktosh va qumtoshlardan tuzilgan. Karst rivojlangan. Bosh tizma shimolga tomon Dunay tekisligigacha pasayib boradi. Iqlimi moʻtadil nam. Yillik yogʻin 800—1000 mm. Shim. yon bagʻriga yogʻin koʻp tushadi. Qishda togʻlar qor bilan qoplanadi. S.P. dan Dunay va Maritsa daryolari irmoqlari boshlanadi. Yon bagʻirlarida 1700 m balandlikkacha dub, qoraqayin, yuqori qismida igna bargli daraxtlar oʻsadi. Eng baland qismi oʻtloq. Foydali qazilmalardan koʻmir, mis, temir, qoʻrgʻoshin, rux rudalari bor. Mineral buloqlar va kurort koʻp.[1]