Oila qon-qarindoshlik, qarindoshchilik (nikoh orqali) yoki birga istiqomat qilish orqali bogʻlangan odamlardan iborat ijtimoiy guruhdir. Koʻp jamiyatlarda oila bolalar ijtimoiylashuvi uchun asosiy institut vazifasini oʻtaydi. Antropologlar oilalarni matrilokal (ona va uning bolalari), er-xotin (bolalari boʻlsa, nuklear oila deyiladi) va qon-qarindosh (nuklear oila va qaynata-qaynana birga yashovchi) tiplarga ajratishadi.
Oila – nikoh yoki tugʻishganlikka asoslangan kichik guruh. Uning aʼzolari roʻzgʻorining birligi, oʻzaro yordami va maʼnaviy masʼuliyati bilan bir-biriga bogʻlangan. Oilaning eng muhim ijtimoiy vazifalari – inson zotini davom ettirishdan, bolalarni tarbiyalashdan, oila aʼzolarining turmush sharoitini va boʻsh vaqtini samarali uyushtirishdan iboratdir. Oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil hodisa sanalsa-da, jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy munosabatlar bilan belgilanadi va ular taʼsirida oʻzgarib boradi. Shunga muvofiq, har bir jamiyat oʻzgarib mos oila tipini, oilaviy munosabatlarni oʻrnatadi.
Oila jamiyat tarixida azaldan mavjud boʻlmagan. Ibtidoiy jamoa tuzumining birinchi bosqichida, kishilar toʻda-toʻda boʻlib yashayotgan davrda jinslar orasidagi munosabatlar muayyan tartib-qoidaga ega boʻlmay, toʻdadagi barcha erkaklar va ayollar bir-birlariga umumiy er-xotin hisoblangan. Tarixiy taraqqiyot jarayonida jinsiy munosabatlar asta-sekin muayyan tartibga solina boshlandi. Dastlab ota-ona bilan farzandlar, soʻngra aka-uka va opa-singillar orasidagi jinsiy munosabatlar taqiqlanib, guruhli oila paydo boʻlgan, lekin bu oilalarda hali er-xotin nikohi barqaror alohida xoʻjalikka ega boʻlmagan. Bu davrda tabiiy omil oʻz vazifasini tugalladi, yaʼni jinsiy munosabatlar doirasidan qon-qarindoshlar istisno qilindi, jinsiy munosabatlar faqat bir erkak va bir ayol munosabatiga aylandi (yana qarang: Patriarxal oila, Poliandriya, Poligamiya, Poliginiya).
Ijtimoiy ishlab chiqarish – chorvachilik va dehqonchilikning rivojlanishi bilan erkaklar mehnatining qadri oshdi, mahsulot ishlab chiqarishda ulushi ortdi, binobarin, ularning ijtimoiy mavqei ham tubdan oʻzgardi. Mavjud qoida tartiblar – farzandlarning onagagina tegishli boʻlishi, ona mulkiga merosxoʻr sanalishi erkaklarning yangi mavqeiga zid kelib qoldi. Natijada ota huquqiga asoslangan patriarxal oila vujudga keldi. Shunday qilib, hozirgi individual oilaning oʻtmishdoshi – monogam oila vujudga kelgan (qarang: Monogamiya).
Oila xalqning, jamiyatning hayoti, turmushiga oid urf-odatlarni oʻzida sinovdan oʻtkazadi. Yaxshilarini oʻz bagʻrida asrab-avaylab kelajak avlodlarga yetkazadi. Oila oʻz farzandlarini tarbiyalab, ularga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish bilan ularga boshlangʻich ijtimoiy yoʻnalish beradi. Oʻz farzandlarini katta oqimga – jamiyatga qoʻshish bilan esa oila jamiyat yoʻnalishi, iqtisodiyoti, madaniyati va maʼrifatini ham belgilashga oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Shuning uchun ham Sharqda oila qadim-qadimdan muqaddas qoʻrgʻon hisoblanib kelingan. Xususan, oʻzbek oilalarining serildizlik, serbutoqlik xususiyatlari hozir ham saqlanib turibdi. Oʻzbeklarda oilalarning muayyan turmush tarzi shakllanib hayotiy tajriba orttirib borishi, tejamli va sarishta roʻzgʻor tutishi, farzandlarni odobli, maʼnaviy yetuk boʻlib kamol topishida keksalar, ota-onaning roli katta. oʻzbek oilalari oʻzlarining mustahkamligi, saranjom-sarishtaligi, bolajonligi, qarindosh-qondoshlik rishtalarini hurmat qilishi, mehr-oqibatli va boshqa qadriyatlari bilan ajralib turadi (qarang Oila tarbiyasi).
Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi tufayli xalqimizning azaliy milliy urf-odat va marosimlari qaytadan tiklana boshlandi, bu udumlar oilani mustahkamlashda muhim oʻrin egallaydi. Oʻzbekiston hukumati oila masalalariga davlat siyosati darajasida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga koʻra, oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hisoblanadi, u jamiyat hamda davlat tomonidan muhofazada boʻlish huquqiga ega. Onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha boshqa qonuniy hujjatlar ham qabul qilinib, amaliy tadbirlar belgilangan. Jumladan, „Kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish choralari toʻgʻrisida“ 1994-yil 22-avgustda farmon chiqarilib, muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam berishning koʻlami kengaytirildi. Oilani jamiyatning ravnaq topilishidash tutgan oʻrni va ishtirokini yanada oshirish, oilalarning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy-axloqiy manfaatlarini va farovonligini yaxshilashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish hamda izchil taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 1998-yilni „Oila yili“ deb eʼlon qildi. Shunga asosan, oila manfaatlarini taʼminlash borasidaamalga oshiriladigan tadbirlar toʻgʻrisida davlat dasturi ishlab chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi huzurida Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi tashkil etildi. Oilaviy hayot masalalarini huquqiy tartibga solishga bagʻishlangan Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi qabul qilingan.
Maʼlumki, jamiyatning muhim boʻgʻini boʻlgan oilalar qanchalik tinch va totuv boʻlsa, shundagina davlat tinch va barqaror ravnaq topishi mumkin. Shu jihatdan, oila qoʻrgʻonining mustahkamligi va unda maʼnaviy jihatlarning shakllanishi hamda amalga oshirilishi muhim ahamiyatga ega. Binobarin oila deb atalmish muqaddas makonda farzandlar kamolga yetadi, ulgʻayadi. Shunday ekan, jamiyatda yuzaga kelayotgan oilalar qanchalik mustahkam qurilmoqda, poydevori chi? Darhaqiqat, oilaning barpo etilishida kimlar yoki nimalar muhim rol oʻynaydi, tashqi taʼsirlar chi? Mavjud oilalar va yangi barpo etilayotgan kichik bir oila oʻz mavqeini qanchalik asramoqda? Oila – muqaddas qoʻrgʻon, oila – maʼnaviy kamolot maskani va boshqa bir qancha soʻz va iboralar bilan oilaning mavqeini belgilaymiz. Albatta, jamiyatda namunali oilalar talaygina. Namunali oila deganda, oilaviy munosabatlar maʼnaviy mezonlar asosida qurilgan, yaxshi va axloqli farzandlar tarbiyalagan, nurli, piru badavlat otaxon va onaxonalar koʻz oldimizga keladi. Ularning borligi boshqalar uchun ibrat maktabidir. Ammo, afsus, bizni oʻylantirgan masala bu – oila qoʻrgʻonining buzilishiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qancha tashqi va ichki omillardir. Tashqi omil sifatida gʻarbona yashash tarzining oʻzlashtirilishi boʻlsa, ichki omil sifatida esa, yoshlarning oilaga maʼnaviy jihatdan etarli tayyorgarlikka ega boʻlmaslik masalasidir. Maʼnaviy tahdid sifatida baholanayotgan gʻarbona madaniyat, gʻarbona yashash, gʻarbona muomala, gʻarbona hayot tarzi va hokazolar bizning muqaddas qoʻrgʻonimizga qanchalik salbiy taʼsir koʻrsatayotganini etarli darajada oʻylab koʻrmayapmiz. Oddiy hol sifatida qabul qilayotganimiz turli filmlar, seriallar, kliplar aslida shovqinli, jangari, toshbagʻir bir hayot tarzini bizga inʼom etmayotganmikin. Gʻarb seriallarida kelinini erkalayotgan qaynota, turmush oʻrtogʻini ochiqdan ochiq haqorat qilayotgan xotin yoki uning eriga xiyonat qilayotgan dugona, yarim yalangʻoch qizdan mamnun ona, oiladan xalovat topmagan farzandning giyohvand moddalarga berilishi va boshqalar bizning farzandlarimiz tarbiyasiga, oilaviy muhitning nosogʻlom boʻlishiga olib kelmasmikin. Aksariyat oilalar bunday hayot tarzini qanday boʻlsa, shundayligicha oʻzlashtirmoqda. Koʻp hollarda, bizning mentalitetimizga, yashash tarzimizga toʻgʻri keladimi, yoʻqmi, buni oʻylab koʻrmayapmiz. Natijada oilalar arzimas muammo oldida dosh berolmay, engil elpi, havoyi bir nafs qurboniga aylanishmoqda. Gʻarb taklif etayotgan xudbinlik, toshbagʻirlik, egoizm kabi illatlarni aksariyat insonlar yashashning mazmuni sifatida olmoqda. Buning oqibatida ayol kimningdir qoʻgʻirchogʻiga aylanmoqda, goʻdaklar mehrdan mosuvo holda etimlikka mahkum etilmoqda. Bu kabi misollarni yana qator keltirish mumkin. Oila tinchligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bunday muammolar aslida har bir vijdonli insonning qalb ogʻriqlari emasmi? Yongʻin chiqsa, hoʻlu quruq barobar yonadi deganlaridek, oila buzilsa, yoinki farzand axloqsiz chiqsa, birgina inson emas, atrofdagi insonlar, boringki, butun jamiyat hayotiga, uning farovonligiga, tinchligiga rahna solingan boʻladi. Shunday ekan, oila qoʻrgʻonini asrash, uning mustahkamligini taʼminlash uchun nimalarga eʼtibor berish lozim. Bizningcha, hamma narsaning asosi maʼnaviy etuklikka borib taqaladi. Axloqimizga tashqi jihatlar salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ekan, ulardan himoyalanishning yagona yoʻli ham maʼnaviy etuklikdir. Maʼnan etuk inson atrofdagi har bir narsaga befarq qaray olmaydi. Maʼnan boy inson gʻarbona yashash, gʻarbona madaniyatni qanday boʻlsa, shundayligicha oʻzlashtirmaydi, aksincha oʻzbekona, milliy xususiyatlarimizga uygʻunlashtiradi. Oila deb atalmish muqaddas qoʻrgʻonni asrab avaylashga intiladi. Oilaning bir butunligini tashkil etayotgan er va xotin maʼnan boy, aqlan kamolga etgan boʻlsa, har qanday zararli taʼsirlarni oldindan koʻradi va oilasini himoya qila oladi. Ayni paytda, farzandlar tarbiyasiga ham shu mezonlardan turib yondashadi. Oila mustahkamligini taʼminlashda tajribali, koʻpni koʻrgan otaxon va onaxonlar oʻgiti, purmaʼno nasihatlari, ularning ibratli hayot tarzi ham muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan olganda, jamiyatda yuzaga kelayotgan yangi oilalarga ular turmushi ibrat boʻlsa, tajribasidan oʻrganishsa, oʻylaymizki, oila yanada mustahkam va voyaga etayotgan farzandlar tarbiyali boʻladi. Binobarin, oila qoʻrgʻoni maʼnaviy yetuklik va boy tajriba asosida yanada mustahkamlanib boriladi[1][2].